Toshkent filiali
A.I. Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universitetining Toshkent shahridagi filiali O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-oktabrdagi PQ-4857-sonli qarori hamda Rossiya Ma’rifat vazirligining 2020-yil 25-dekabrdagi 793-sonli buyrug‘i asosida tashkil etilgan.
Filial faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan muvofiqlashtiriladi. O‘quv jarayoni RDPUning yuqori malakali professor-o‘qituvchilari tomonidan amalga oshiriladi. Shuningdek, tanlov asosida O‘zbekiston tomonidan ham pedagogik kadrlar jalb etilib, ular Sankt-Peterburgdagi bosh universitetda malaka oshiradilar.
2024-yilda filialning Toshkent shahri, Yakkasaroy tumani, Bobur ko‘chasi, 55-uy manzilida joylashgan yangi kampusi rasman ochildi. Kampusning umumiy maydoni 15 ming kv. metrni tashkil etib, 2 ming talabaga mo‘ljallangan. 2025-yil holatiga ko‘ra, filialda 1100 ga yaqin bakalavr va magistrlar tahsil olmoqda.
Hozirgi vaqtda filialda quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha ta’lim berilmoqda: Maktabgacha ta’lim, Bolalar psixologiyasi, Inson psixologiyasi, Surdopedagogika, Oligofrenopedagogika, Rus tilini chet tili sifatida o‘qitish nazariyasi va metodikasi, Boshlang‘ich ta’lim, Filologik ta’lim, Chet tillarini erta o‘rgatish.
2025-2026 o‘quv yilidan boshlab Matematik ta’lim, Logopediya hamda Maxsus psixologiya kabi yangi ta’lim yo‘nalishlari ochildi. Kelgusida fizika, kimyo, informatika va biologiya yo‘nalishlarini ochish rejalashtirilgan.
Yaqin vaqt ichida Adaptiv jismoniy tarbiya markazi va Rus tili o‘quv-metodik markazi ish boshlaydi. Shuningdek, 1000 nafar talabaga mo‘ljallangan yangi o‘quv binosi va 400 o‘rinli talabalar turar joyi qurilishi yakunlanmoqda.